Maqsad
Biz ‘‘TIQXMMI’’ Milliy tadqiqot universitetining faol va targ‘ibotchi talabalaridan tashkil topgan jamoamiz.
Amir Temur buyuk saltanatni yolg‘iz barpo etmagan. Uning ortida sodiq lashkar va dono maslahatchilar turgan.
Napoleon janglarni yolg‘iz yutmagan. Uning ortida intizomli armiyasi bo‘lgan.
Oyga ilk qadamni Neil Armstrong qo‘ygan bo‘lsa ham, bu muvaffaqiyat minglab muhandis va olimlarning mehnati mahsuli edi.
Tarixdagi deyarli barcha katta yutuqlarning ortida kuchli jamoa turgan. Buyuk g‘oyalar yolg‘iz insondan boshlanishi mumkin, ammo ular faqat birgalikdagi mehnat bilangina haqiqatga aylanadi.
Har birimizda g‘oya bor. Lekin eng kuchli g‘oya ham yolg‘iz qolsa, qog‘ozda qolib ketadi. Biz g‘oyalarni muhokama qilamiz, rivojlantiramiz va birgalikda natijaga aylantiramiz.
Birgalikda musobaqalar, tadbirlar va o‘quv to‘garaklari tashkil qilamiz. Xalqaro konferensiyalar va tadbirlarda volontyor sifatida qatnashib, tajriba orttiramiz.
Do‘stlar davrasida tushliklar, davra suhbatlari va sayohatlar ham uyushtiramiz.
Eng muhimi, bu jarayonlarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz va birgalikda rivojlanamiz.
Nega ICEBERG? Chunki ko‘rinadigan qism natijaning faqat kichik ulushi. Uning asl kuchi esa ko‘zga tashlanmaydigan qismida yashiringan. Har qanday katta natijaning ortida mehnat, intizom, ishonch va kuchli jamoa turadi. Biz aynan mana shu mustahkam poydevorni quramiz.
Bu yerda biz nafaqat bilim va tajriba orttiramiz, balki do‘stlar topamiz, yangi imkoniyatlarni ochamiz va o‘zimizdagi yashirin salohiyatni kashf etamiz.
ICEBERG — o‘zimizga, atrofimizdagi insonlarga va jamiyatga foyda keltirishni maqsad qilgan jamoa.